Buyuk shoir, olim, yirik davlat arbobi va sarkarda.
Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nom qozongan boʻlsa, serjilo oʻzbek tilida yozilgan “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi. Uning nafis gʻazal va ruboiylari turkiy sheʼriyatning eng nodir durdonalari boʻlib, “Mubayyin” (“Bayon etilgan”), “Xatti Boburiy”, “Harb ishi”, aruz haqidagi risolalalari esa islom qonunshunosligi, sheʼriyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissa boʻlib qoʻshildi.
Boburning yoshligi va Hindistonga yoʻl olishi
Adabiyot, nafis sanʼat, tabiat goʻzalligiga yoshligidan mehr qoʻygan Zahiriddin, barcha Temuriy shahzodalar kabi bu ilmlarning asosini otasi saroyida, yetuk ustozlar rahbarligida egalladi. Biroq uning betashvish yoshligi uzoqqa choʻzilmadi. 1494-yili otadan yetim qoldi. 12 yoshida otasi oʻrniga Fargʻona ulusining hokimi etib koʻtarilgan Bobur qalamni qilichga almashtirib, Andijon taxti uchun ukasi Jahongir Mirzo, amakisi Sulton Ahmad Mirzo, togʻasi Sulton Mahmudxon va boshqa raqiblarga qarshi kurashishga majbur boʻldi. Bobur ukasi Jahongir Mirzo bilan murosaga kelish uchun unga yon berishga, Fargʻona ulusini ikkiga taqsimlab, yarmini ukasiga topshirishga qaror qildi va oʻzi Samarqand uchun olib borilayotgan kurashga kirishib ketdi. Bir necha yil davom etgan bu kurash qirgʻinbarotdan boshqa biror natija bermadi: unda katta harbiy kuch bilan aralashgan Shayboniyxonning qoʻli baland keldi va Bobur Samarqandni tashlab ketishga majbur boʻldi. 1504-yili Shayboniyxon Andijonni ham qoʻlga kiritgandan soʻng, Bobur janubga qarab yoʻl oldi va Kobul ulusida oʻz hokimiyatini oʻrnatdi. 1505–1515-yillarda u Markaziy Osiyoga qaytishga bir necha bor urinib koʻrdi. Ammo bu urinishlardan hech qanday natija chiqmadi.
Soʻng oʻz mavqeyini yanada mustahkamlash maqsadida, 1519–1525-yillar davomida Hindistonni qoʻlga kiritish uchun bir necha bor janglar olib bordi. 1526-yil aprel oyida Panipatda Hindiston sultoni Ibrohim Loʻdiy bilan va 1527-yili mart oyida Chitora hokimi Rano Sango bilan boʻlgan janglarda Boburning qoʻli baland keldi. Tarixiy maʼlumotlarda bayon qilinishicha, Boburning Hindistonga yurishida Dehli hukmdori Ibrohim sulton siyosatidan norozi boʻlgan Panjob hokimlari ham Boburni qoʻllaganlar va Sikri jangidagi bu gʻalaba Boburga Hindistonda oʻz hukmronligini uzil-kesil oʻrnatish va Boburiylar sulolasini barpo etish imkoniyatini berdi. Ovroʻpo tarixchiligida “Buyuk moʻgʻullar” nomi bilan “gʻalati mashhur” boʻlgan Boburiylar sulolasi Hindistonda 300 yildan ortiq hukmronlik qildi.
“Boburnoma”
Bobur Hindistonda keng koʻlamli davlat ishlari bilan bir qatorda, oʻzining adabiy-badiiy faoliyatini ham davom ettirdi va yuqorida zikr etilgan asarlarini yaratdi. Boburning butun jahon ommasiga mashhur boʻlgan shoh asari “Boburnoma”dir. Maʼlumki, unda Bobur yashagan davr oraligʻidagi Movarounnahr, Xuroson, Eron va Hindiston xalqlari tarixi yoritilgan. Asar, asosan, uch qismdan iborat. Uning birinchi qismi XV asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoda roʻy bergan voqealarni, ikkinchi qismi XV asrning oxiri va XVI asrning birinchi yarmida Kobul ulusi, yaʼni Afgonistonda roʻy bergan voqealarni oʻz ichiga olgan boʻlsa, uchinchi qism XVI asrning birinchi choragidagi Shimoliy Hindiston xalqlari tarixiga bagʻishlangan. “Boburnoma”da oʻsha davrning siyosiy voqealari mukammal bayon qilinar ekan, oʻz yurti Fargʻona viloyatining siyosiy-iqtisodiy ahvoli, uning poytaxti Andijon shahri, Markaziy Osiyoning yirik shaharlari: Samarqand, Buxoro, Qarshi, Shahrisabz, Oʻsh, Urganch, Oʻratepa, Termiz va boshqa shaharlar haqida nihoyatda nodir maʼlumotlar keltirilgan. Unda Kobul ulusining yirik shaharlari Kobul, Gʻazna va ular ixtiyoridagi koʻpdan koʻp tumanlar, viloyatlar, Shimoliy Hindiston haqidagi maʼlumotlarni uchratish mumkin.
“Boburnoma”ni varaqlarkanmiz, koʻz oldimizda Markaziy Osiyo, Afgʻoniston va Hindiston xalqlariga xos boʻlgan fazilat va nuqsonlar, ularning tafakkur olami kengligi va murakkabligi bilan birga, oʻsha davrdagi hayot muammolari, Bobur davlatidagi siyosiy va ijtimoiy hayotning toʻliq manzarasi namoyon boʻladi. “Boburnoma”dagi ushbu maʼlumotlar Bobur davrida yozilgan boshqa tarixiy manbalar: Mirxond, Xondamir, Muhammad Solih, Binoiy, Muhammad Haydar, Farishta, Abul-Fazl Allomiy va boshqa tarixchilarning asarlarida bu darajada aniq va mukammal yoritilgan emas. Muallif “Boburnoma”da Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Ulugʻbek Mirzo va boshqa allomalar haqida oʻzining eng yuqori fikr va mulohazalarini bildiradi.
“Boburnoma” Movarounnahr, Xuroson, Hindiston, Eron xalqlarining XV asr oxiri — XVI asrning birinchi yarmidagi tarixini oʻzida aks ettirgan, shu bilan birga, juda koʻp dolzarb iqtisodiy, ijtimoiy masalalar, yuqorida nomlari keltirilgan viloyatlarning oʻzaro siyosiy-iqtisodiy va savdo munosabatlari, joʻgʻrofiy mavqeyi, iqlimi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, togʻlari, daryolari, xalqlari, qabila va elatlari va ularning yashash sharoitlari, urf-odatlari, muhim tarixiy inshootlari, hindular va musulmonlarning ibodatxonalari, toʻy va dafn marosimlari haqida nihoyatda nodir maʼlumotlarni oʻziga qamrab olgan shoh asardir. Shu bois “Boburnoma” tarixiy va adabiy meros sifatida dunyo olimlarini hayratga solib kelmoqda.
Uzoq yillar davomida Gʻarb va Sharqning mashhur sharqshunos olimlari “Boburnoma” mazmunini jahon jamoatchiligiga yetkazish borasida katta faoliyat koʻrsatdilar. Masalan, gollandiyalik olim Vitsen, angliyalik olimlar J. Leyden, V. Zrskin, R. Koldekot, A. Beverej, T. Albot germaniyalik Yu. Klaynrat va A. Keyzer, fransiyalik Pave de Kurteyl, hindistonlik Mirzo Nasriddin Haydar Rizvi, turkiyalik R. R. Art va N. I. Bayur va bizning davrimizdagi fransiyalik olim Bakke Gromon, afgʻonistonlik olim Abulhay Habibiy, pokistonlik olimlar Rashid Axtar, Nadvi va Shoh Olam Mavliyot shular jumlasidandir. “Boburnoma”ni oʻrganish sohasida jahonning mashhur sharqshunoslari qatoridan yaponiyalik olimlar ham joy olmoqdalar.
Maʼlumki, Boburning tarixiy, ilmiy, adabiy merosini oʻrganish va ommalashtirishda Oʻzbekiston, Tojikiston, Rossiya olimlarining faoliyatlari ham diqqatga sazovordir. XIX–XX asrlar davomida Georg Ker, N. Ilminskiy, O. Senkovskiy, M. Salye, Porso Shamsiyev, Sodiq Mirzayev, V. Zohidov, Ya. Gʻulomov, R. Nabiyev, S. Azimjonova, A. Kdyumov kabi olimlarning saʼy-harakatlari bilan “Boburnoma” bir necha bor rus va oʻzbek tillarida chop etildi, ularga soʻzboshi yozildi va keng kitobxonlar ommasining maʼnaviy mulkiga aylantirildi. Uning sheʼrlari ham bir necha bor nashr etildi.
Sheʼriy asarlari
Bobur oʻzbek adabiyotida oʻzining nozik sheʼriy asarlari bilan ham mashhurdir. Uning hayoti va adabiy faoliyati Movarounnahrda siyosiy hayot nihoyat murakkablashgan, feodal guruhlarning boshboshdoqlik harakatlari avjiga chiqqan va Temuriylar davlatining inqirozi davom etayotgan bir davrga toʻgʻri kelgan edi. Bunday murakkabliklar inʼikosini “Boburnoma”da koʻrgan boʻlsak, ularning shoir ruhiyatida qanday aks etgani uning sheʼrlarida namoyon boʻladi. Movarounnahrni birlashtirishga urinishlari natija bermagach, Boburning ruhan qiynalgan, amaldorlarning xiyonatlari taʼsirida umidsizlikka tushgan kezlardagi kayfiyati sheʼrlarida aks etgan. Keyinchalik oʻz yurtini tark etib, Afgʻoniston va Hindistonga yuz tutganda Bobur sheʼriyatida Vatan tuygʻusi, Vatan sogʻinchi, unga qaytish umidi mavj ura boshladi.
Tole yoʻqi jonimgʻa baloligʻ boʻldi,
Har ishniki ayladim — xatoligʻ boʻldi,
Oʻz yerni qoʻyib, Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qaroligʻ boʻldi.
Shu bilan birga, Bobur lirikasida sheʼriyatning asosiy mazmuni boʻlgan insoniy fazilatlar, yor vasli, goʻzalligi, unga cheksiz muhabbat va hijron azobi, ayriliq alamlari va visol quvonchlari nihoyatda goʻzal va mohirona ifoda etilgan.
Xazon yaprogʻi yangligʻ gul yuzung hajrida sargʻardim,
Koʻrub rahm aylagil, ey lolarux, bu chehrai zardim.
Sen ey gul, qoʻymading sarkashligingni sarvdek hargiz,
Ayogʻingga tushub bargi xazondek muncha yolvordim.
Bobur oʻz lirik sheʼrlarida odamlarni har doim yaxshilikka, adolat va insonparvarlikka, yuksak insoniy tuygʻularni qadrlashga chaqirdi:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur.
Yaxshi kishi koʻrmagʻay yomonligʻ hargiz,
Har kimki yamon boʻlsa, jazo topqusidur.
Bobur lirik sheʼrlari va tarixiy “Boburnoma”sidan tashqari islom qonunshunosligi va boshqa sohalarda ham asarlar yaratgan. 1522-yilda oʻgʻli Humoyunga atab yozgan “Mubayyin” nomli asarida oʻsha zamon soliq tizimini, soliq yigʻishning qonun-qoidalarini, shariat boʻyicha kimdan qancha soliq olinishi va boshqa masalalarni nazmda izohlab bergan. “Xatti Boburiy” deb atalgan risolasida arab alifbosini turkiy tillar, xususan, oʻzbek tili nuqtayi nazaridan birmuncha soddalashtirib berishga harakat qilgan. U tajriba sifatida “Xatti Boburiy” alifbosida Qurʼoni Karimni koʻchirgan. Boburning aruz vazni va qofiya masalalariga bagʻishlangan “Mufassal” nomli asari ham boʻlgan, biroq bu asar bizgacha yetib kelmagan.
Bobur tarixnavis adib, lirik shoir va ijtimoiy masalalar yechimiga oʻz hissasini qoʻshgan olim sifatida xalqimiz maʼnaviy madaniyati tarixida munosib oʻrin egallaydi.