“O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganiga o‘ttiz bir yil to‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi PF-5850-sonli “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – 21 oktyabr sanasi “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilindi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, biz xalqimizning taqdiri, ertangi kuni haqida o‘ylar ekanmiz, eng avvalo, millatimizning asl fazilatlarini, go‘zal urf-odatlarimiz, betakror san’atimiz va adabiyotimizni, ona tilimizni ko‘z qorachig‘iday saqlashimiz zarur.
Aytish mumkinki, ma’naviyati yuksak, milliy qadriyatlariga sodiq shaxsni kamol toptirishning muhim vositasi sifatida lug‘atlar ham tan olinadi. Gyugo ta’biri bilan aytganda, har bir xonadonning haqiqiy xazinasi bu lug‘atdir. Ayni kunlarda davlat tiliga e’tiborning yuksalib borayotganligi, ona tili ta’limining maqsad va vositalari yangilanayotganligi muloqot va nutq madaniyati rivojlangan shaxsni kamol toptirish uchun xizmat qiladigan turli tipdagi lug‘atlarga ehtiyojni oshiradi. Bugun o‘zbek tilining bor bo‘y-bastini, boyligini ko‘rsatish va kelajak avlodning undan to‘la bahramand bo‘lishi uchun izohli va imlo lug‘atlari, umumiy o‘rta ta’lim o‘quvchilari uchun alohida turli nomlarda lug‘atlarning yaratilishi tilimizga bo‘lgan ehtiromning yorqin namunasi sanaladi.
So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy o‘z davrida qariyb “o‘lik” tillar safidan joy olgan eski turkiy tilga “jon” ato etdi. XX asr boshlarida ma’rifatparvar ziyolilar Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiylar o‘zbek tilini takomillashtirish maqsadida darsliklar, maqolalar yozishdi, o‘sha davrda ijtimoiy buyurtma bo‘lgan xalq savodxonligini ko‘tarish maqsadida tahsinga sazovor faoliyat olib borishdi. Bugun ham bu jarayon to‘xtagani yo‘q.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 oktyabrdagi “Davlat tili haqida”gi (1989 yil 21 oktyabr) qonunning 30 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori hamda 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmonida “o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish” masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, «Globallashuv sharoitida milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lug‘at boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning o‘zbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qo‘llanishini ta’minlash dolzarb vazifa bo‘lib turibdi… Yana bir muhim vazifa fundamental tadqiqotlar, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, tibbiyot va boshqa tarmoqlarda davlat tilini to‘laqonli qo‘llash bilan bog‘liq» ekanligi ta’kidlab o‘tildi. 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar nutq hodisalari qatorida tibbiyot xodimlari nutqini til-nutq-madaniyat aloqadorligida o‘rganishga keng yo‘l ochdi. Barcha soha vakillari uchun o‘zbek tilining onomastik lug‘atlarini yaratishga xizmat qiladigan tadqiqotlarni yaratish, qo‘shni mamlakatlar va qardosh turkiy xalqlar tillari bilan qiyoslash, lug‘atlar bilan ishlash imkoniyatini yuzaga chiqarish va nutq madaniyati bilan bog‘liq muammolarga alohida e’tibor qaratish tavsiya qilindi.
Vazirlik va idoralar rahbarlari hamda xodimlarining “Davlat tilida ish yuritish asoslari” bo‘yicha malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimi joriy etildi; respublika tilshunos olimlari tomonidan fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikasiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, harbiy va shu kabi sohalarda o‘zbek tilining qo‘llanish doirasini kengaytirishga doir tavsiya va ko‘rsatmalar ishlab chiqildi; zamonaviy darsliklar, etimologik va qiyosiy lug‘atlar nashr etishga, atamalarning elektron lug‘ati va mobil ilovalarini yaratish ishlariga ahamiyat qaratilmoqda; Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida «O‘zbekcha nom yaratish” (neyming) laboratoriyasi tashkil etildi.
O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish maqsadida tibbiyot xodimlari uchun tibbiy atamalarga doir platforma yaratish, elektron lug‘atlar va darslik hamda ularning mobil ilovalarni yaratish o‘zbek leksikografiyasi, terminologiyasi, shuningdek, kompyuter lingvistikasi rivoji uchun muhim manba sanaladi. Hayotimizga shiddat bilan rivojlanib kirib kelayotgan kompyuter lingvistikasi bugun barcha sohalar qatorida tibbiyot sohasini ham befarq qoldirmadi. Zamonaviy jamiyat hayotining ajralmas qismi sanalgan internet saytlaridagi ijtimoiy tarmoqlar va forumlarda biz deyarli tasavvur qila olmaydigan har qanday bahstalab va tahrirtalab mavzudagi munozaralarni topishimiz mumkin. Albatta turli kasalliklar, davolash bilan bog‘liq muammolar, sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘liq tibbiy mavzular bundan mustasno emas. Pandemiya sababli internetda o‘zlarining sog‘ligi to‘g‘risidagi har qanday ma’lumotlarni chop etayotganlar soni kun sayin ortib bormoqda. Bundan tashqari, tibbiy nashrlardagi tahrirtalab matnlarning tobora ko‘payib borayotganligi ham bundan mustasno emas. Ushbu ro‘yxatni davom ettirish mumkin. O‘zbek tilida qo‘llaniladigan tibbiy atamalarga doir platforma yaratilsa, mazkur muammolar yechimi sifatida muhim ahamiyat kasb etishi tabiiy. Aytish mumkinki, elektron lug‘atlargina leksemaning butun mohiyatini tezkorlik bilan kitobxonga yetkazish imkoniyatini beradi.
Zero, soha lingvistikasiga kirishish jamiyat taraqqiyoti bilan amaliy bog‘liq. Chunki jamiyat salomatligi shaxsning ruhiy, jismoniy, ma’naviy sog‘lomligiga bog‘liq. Demak, bu borada yaratiladigan platforma aholining turli toifa va qatlam vakillari bilan ish ko‘radigan tibbiyot sohasi mutaxassis-xodimlari uchun o‘z faoliyati jarayonida yuksak madaniy nutq ko‘nikmalariga ega bo‘lishlari hamda til zaxirasidagi har bir so‘zdan ehtiyotkorona foydalanishlari ular kasbiy mahoratining zaruriy sharti bo‘lgan lisoniy vositalarga mas’uliyatli yondashishini talab qiladi.
Ayni kunlarda tavsifiy tilshunoslik o‘z o‘rnini sohaviy-tavsiyaviy tilshunoslik yo‘nalishlariga bo‘shatib bergan ekan, tibbiy sohaga tegishli atamalarni ham milliy, o‘zbekona, ommabop variantlarda tayyorlash – shu sohadagi ilmiy muammoning yechimiga xizmat qiladi. Dorixonadan xarid qilingan mahsulotning yo‘riqnomasini savodli har bir kishi o‘qib tushuna olishi kerak. Buning uchun esa lingvistika bilan tibbiyot hamkorligi zarur.
Shunday muhim va xayrli ishlarga qo‘l urilayotgan bir paytda ona tilimiz kamoliga g‘ov bo‘layotgan, uning fayzli va musaffo muhitini buzishga qaratilgan illatlarning mavjudligi kishini xavotirga soladi. Biz nimaga xato qildik? Nima uchun o‘zbek tili mavqeini avaylash qiyin bo‘ldi? O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi moddalaridagi “o‘zbekona bag‘rikenglik” sabab bo‘lmadimi? Bugungi kunda mazkur “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida»gi Qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilganligi va yangi tahrirda qabul qilinganligi dilni quvontiradi. Jumladan, 4-moddada “O‘zbekiston Respublikasida ishlovchi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari o‘z xizmat vazifalarini bajarish uchun respublika davlat tilini yetarli darajada bilishlari shart.
O‘z faoliyatiga ko‘ra aholiga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq shaxslar xizmat vazifasini bajarish uchun davlat tilini zarur bo‘lgan darajada bilishlari lozim.
O‘zbekiston Respublikasi o‘zbek tilini bilmaydigan grajdanlarga respublika davlat tilini bepul o‘rgatish va o‘qitishni ta’minlaydi” deya o‘zgartirish kiritilishi millat tiliga hamda yurtimizda yashayotgan boshqa millat vakillari zabuniga bo‘lgan hurmatning nishonasidir. 2020 yil aprel oyida Adliya vazirligi tomonidan davlat tilida ish yuritishni to‘la ta’minlash maqsadida mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganligidan barcha xabardor. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42-moddasi “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy maosh miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi” jumlasi bilan to‘ldirildi. Mazkur loyiha o‘zbek tili taqdiriga befarq bo‘lmagan ziyolilar va jamoatchilik tomonidan yakdillik bilan qarshi olindi.
Bir so‘z bilan aytganda, til millatning ma’naviy-ruhiy boyligi, mulki ekan, uni e’zozlash, yuksalishi, sofligi, boyligi yo‘lida kurashish, milliy qadriyat darajasiga ko‘tarish barchamizning oliy burchimizdir. O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini yanada oshirish haqida bosh qotirishimiz, bu yo‘lda sobitqadamlik bilan amaliy ishlar qilishimiz lozim. O‘zimiz ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelgan ona tilimizni asramas ekanmiz, millatimiz va ma’naviyatimiz kelajagini ulkan xavf ostida qoldiramiz. Zotan, o‘zbek tili – bu bizning boyligimiz, or-nomusimiz, sha’nimiz demak. Uni, eng avvalo, o‘zimiz asrashimiz, hurmatlashimiz kerak.
BuxDU professori, f.f.d Abuzalova M.K.