O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi O‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan.
“Konstitutsiya” so‘zi turli davrlarda, turli ma’nolarda qo‘llanilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda u oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan, amaldagi qonun va me’yoriy hujjatlar poydevorini, tagzaminini tashkil etadigan, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish qat’iy nazorat qilinadigan Asosiy qonunni anglatadi.
Konstitutsiya huquqiy davlatning asosiy belgisi hisoblanadi. Unda jamiyatning ijtimoiy siyosiy xususiyatlari, taraqqiyotining bosh mezonlari, mamlakatning ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari o‘z ifodasini topgan bo‘ladi.
Konstitutsiyaning muayyan mamlakat ijtimoiy taraqqiyotining huquqiy zamini, mezoni ekanligi uning funksiyalarida yaqqol namoyon bo‘ladi. Konstitutsiyaning eng asosiy funksiyalaridan biri – davlatchilik rivojlanishidagi vorislikni ta’minlashdir. Bu borada shuni aytish lozimki, konstitutsiyamizda mustahkamlangan oilaga bo‘lgan e’tibor yoki
ota-onaga bo‘lgan munosabat xususidagi qoidalarni oladigan bo‘lsak ham, bu xalqimizning ongida necha asrlardan buyon shakllangan urf-odatlarimizning bir bo‘lagiga aylangan umume’tirof etilgan odatlarimizning Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topganligining bir namunasidir.
Konstitutsiyaningsiyosiyfunksiyasini oladigan bo‘lsak, u jamiyatning ijtimoiy tuzumini tartibga solish bilan birga siyosiy hayot hamda hokimiyat uchun kurashning muayyan huquqiy doirasini belgilab berishda ifodalanadi. Tashkiliy funksiyaning mohiyati davlatning konstitutsion tuzilishini tashkil etish va uning faoliyatiga doir asosiy mezonlarni tartibga solishdan iborat.
Konstitutsiyada jamiyat taraqqiyotiga turtki beruvchi g‘oyalar o‘z ifodasini topadi. Bu uning amaliy funksiyasini namoyon qiladi.Konstitutsiya asosiy qonun sifatida muayyan davlatning huquqiy va qonunchilik tizimlarining o‘zagini tashkil etadi, huquqiy tizim faoliyatining ustuvor tamoyillarini belgilaydi va bu uning yana bir –yuridikfunksiyasida yaqqol namoyon bo‘ladi.
O‘zbekistonimizning Konstitutsiyasida yurtdoshlarimizning kelajak avlodlarga ozod va obod Vatan qoldirish, ularning baxtu kamolini ko‘rishdek orzu-havaslari o‘z ifodasini topganligi bilan birga, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek,unda jamiki dunyoviy ne’matlar orasida eng ulug‘i – Inson degan fikr ilgari surilgan va shu asosda fuqaro – jamiyat – davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatning oqilona huquqiy yechimi belgilab berilgan. Asosiy qonunimizda davlatimizning, jamiyatimizning va har bir fuqaroning huquq va burchlari bir-biriga uyg‘unlashtirilgan va muvofiqlashtirilgan.
Asosiy qonunimizda demokratik huquqiy davlat, adolatli fuqarolik jamiyatining qiyofasi, o‘ziga xos belgi va xususiyatlari shakli va shamoyillari o‘z ifodasini topgan.
Ulug‘ ajdodlarimizning asriy armonlari, erkin hayot, farovon jamiyat va adolatli davlat barpo etishdek eng ezgu tilaklari va ulug‘ orzularini o‘zida mujassam etgan davlatimiz Konstitutsiyasi barcha qabul qilinadigan qonunlar va me’yoriy hujjatlar uchun mustahkam asos va dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Konstitutsiyamizda shaxs, uning huquq va erkinliklari davlatdan ustunligi e’tirof etilgan, shuningdek, unda inson qadri, shaxs erkinligi va hayotini ta’minlovchi tabiiy imkoniyatlarni yuzaga chiqishiga alohida ahamiyat berilgan.
Konstitutsiyamizda shaxsning yoshi, millati, irqi, ijtimoiy ahvoli bilan bog‘liq hech qanday cheklashlar yo‘q. Masalan, boshqa mamlakatlarning fuqarolikka ega bo‘lish to‘g‘risidagi qonunchiligida kuzatishimiz mumkin bo‘lgan til bilish va o‘troqlik masalasida ham cheklashlar yo‘q bo‘lib, teng fuqarolik huquqi mustahkamlab qo‘yilgan.
Bosh Qomusimizda insonning kundalik hayotdagi eng muhim ehtiyojlarini ta’minlovchi imkoniyatlar – yashash huquqi, shaxsiy daxlsizlik huquqi, sud jarayonida shaxsiy manfaatlarni himoya qilish huquqi, turar joy daxlsizligi huquqi, bir joydan ikkinchi joyga erkin ko‘chish huquqi, fikrlash, e’tiqod va so‘z erkinligi, vijdon erkinliklari qonuniy yo‘l bilan kafolatlangan.
Umuman, konstitutsiyamizda ko‘p yillik milliy davlatchiligimiz an’analari inobatga olinishi bilan birga, jahon konstitutsiyalarining tajribalaridan ham keng foydalanilgan. Shu yo‘l bilan uning eng insonparvar, demokratik va adolatli Qomuslardan biri bo‘lishiga erishilgan.Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, bugungi kunga kelib bosh Qomusimiz har bir fuqaromiz qalban va vujudan e’zozlovchi muqaddas huquqiy qadriyatga, umid, ishonch va ezgu-niyatlar qo‘rg‘oniga aylangan.
Yillar o‘tgan sayin konstitutsiyamizning hayotimiz, taraqqiyotimiz uchun ahamiyati qanchalik katta ekanligiga, tanlagan yo‘limiz nihoyatda to‘g‘ri ekanligiga qayta-qayta ishonch hosil qilaveramiz.
Fuqarolarning munosib hayot kechirishlarini, tinch totuvligini ta’minlashni asosiy maqsadlardan biri deb e’lon qilgan Konstitutsiyamiz bosib o‘tgan davriga nazar tashlaydigan bo‘lsak, shu qisqa vaqt mobaynida mamlakatimizda asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirilganligiga guvoh bo‘lamiz. Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi eng muhim sanalardan biri – Konstitutsiya qabul qilinganligining 29 yilligi arafasida shuni alohida e’tirof etish lozimki, Konstitutsiyamiz vaqt o‘tgan sari o‘z nufuzini, xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini mustahkamlab bormoqda. Bizning maqsadimiz esa uning jamiyatdagi nufuzi va ahamiyatini, mazmun va mohiyatini fuqarolarning, ayniqsa yosh avlodning ong-idrokiga chuqurroq singdirishdir.
Zero, o‘z oilasidagi tartib-qoidalarga amal qiladigan, uni hurmat qiladigan farzand boshqalarning ham mana shunday talab-tartiblari borligini anglaydi, ularni hurmat qila biladi. Shu ma’noda
Konstitutsiyamiz barchamiz uchun asosiy mezon bo‘lishi, uning qoidalari hayotimizning asosiy qoidalari va maqsadlariga aylanishi darkor.
Konstitutsiyaning qimmatli ahamiyati shundaki, uni puxta o‘zlashtirgan shaxs, fikrimizcha o‘zini yanada kuchliroq, yanada mukammalroq va albatta, yanada kafolatlanganroq sezadi, uning mazmuni va mohiyati ostida nazarda tutilgan tinch va farovon hayotga bo‘lgan ishonchlari yanada mustahkamlanadi. Konstitutsiyani to‘la anglab yetgan har bir fuqaro yuqoridagilardan kelib chiqib, o‘zi va yaqinlariningbugunivakelajagi uchun xotirjamlik bilan o‘z vazifalarini, burchlarini bajarishga kirishadi, deb ishonamiz.
Albatta har bir o‘zini anglagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Konstitutsiyaning mazmun va mohiyatini targ‘ib qilish ishlarida o‘zining bor kuchi va mahorati bilan hissasini qo‘shadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiya – tarixiy ahamiyati beqiyos bo‘lgan hujjatdir. Uni shu vaqtga qadar davlatchiligimiz tarixidagi boshqa hujjatlarning birortasi bilan qiyoslab bo‘lmaydi.Zero, unda tarixiylik zamonaviylik bilan uyg‘unlashib, jahonning ijtimoiy, siyosiy, falsafiy va huquqiy tafakkuri sohasida erishilgan barcha yutuqlar mujassamlashgan.